Behi
MDHning
janubiy hududlari, jumladan O’zbekistonda qadimdan o’stirib kelinadi.
O’zbekistonda aprelda gullaydi. Naviga qarab sentabr-noyabrda uzib olinadi.
Mevasining og’irligi navi va o’sish
sharoitiga qarab 50-1500 g.
Fevral-martgacha saqlash mumkin (0-1
C temperaturada).
Kechpishar
navlari saqlanganda tiniq sariq rangga kiradi, eti yumshab mayinlashadi, mazasi
yoqimli va xushbo’y bo’ladi.
Behi
tarkibida 8-15% qand moddasi, 0,2-1,5%
organic kislotalar, 0,2-1% pectin,
0,4-0,7% oshlovchi moddalar, 10-30 mg% vitamin S bor.
Ko’pchilik
navlarining mevasi taxirroq va eti dag’al bo’lganligidan yangiligida kam
yeyiladi. Eng yaxshi navlari: non behi, quva behisi, Samarqand yirik behisi,
xorazm olmasimon behisi va hokazo.
Behi,
tarkibidagi pectin moddasining ko’pligi tufayli qiyom, jem, jele, povidlo
pishirish uchun eng yaxshi mevalardan hisoblanadi. Behining po’sti hamda po’st
osti qismida qimmatbaho xushbo’y moddalar ko’p. shuning uchun uning po’sti va
o’zak qismidan jele tayyorlashda foydalaniladi, po’stining qaynatmasi murabbo
yoki kompot pishirishda shsakarli sirop sifatida qo’llaniladi. Konserva
sanoatida behidan mazasi yoqimli, xushbo’y sharbat tayyorlanadi.
Behi
shuningdek, parhez taom sifatida pishirib (uchki qismi o’yilib olinib, o’zak
qismi tozalanadi, ichiga sariyog’, asal solinadi, duxovka yoki qasqonda dimlab
pishiriladi, palovga solinadi) yeyiladi.
***
BEHI

Mana, behi
hosili olinadigan oktyabr oyi ham qoq yarmiga keldi. Bozorlarda ko'zlarni
yashnatib, sap-sariq oltinday tovlangan behilarni ko'rish mumkin. Bugun ushbu
ajoyib mevaning shifobaxsh xususiyatlariga to'xtalamiz.
Tarkibi
Behi mevali
daraxt bo'lib, chiroyli va xushbo'y mevalarni beradi. Uni yangi uzilgan
holatida ham, pishirilgan holatda ham iste'mol qilish mumkin. Behining pishgan
mevasida 12% gacha qand moddalari (fruktozalar, glyukozalar, saxarozalar),
0,47-2,52% organik kislotalar (olma, vino, limon), oshlovchi moddalar (1%
gacha), pektin (2,9% gacha), S, V1, V2 vitaminlari (30-50 mg%), karotin,
aminokislotalar, katexinlar, efir moyi, ko'p miqdorda kaliy moddasi, ko'plab
mikroelementlar, shu jumladan temir, mis, bor, marganets, alyuminiy, nikel va
boshqa moddalar mavjud. Behi urug'larida juda ko'p miqdorda shilimshiq modda
(22%gacha), glikozid amigdalin (0,53%), moyli yog' (20%gacha), kraxmal, pektin
va smolali moddalar borligi aniqlangan.
Tarixdan
Behi
daraxti qadimdan ma'lum bo'lib, o'zining tabiiy o'sish joylarida kamida 4 ming
yil oldin madaniylashtirilgan. Shuningdek, behiga mashhur tabib Abu Ali ibn
Sino (XI asr) ham katta e'tibor qaratgan. U behini dori vositasi sifatida
iste'mol qilish bilan birga, undan chehra rangini tiniqlashtirish uchun
foydalanishni ham tavsiya etgan.
Hozirgi
paytda behining bir necha o'nlab navlari mavjud, Ular gullarining, barglarining
va mevalarining tuzilishi, gullash vaqti va meva berishiga hamda boshqa bir
qator biologik xususiyatlariga ko'ra bir-biridan farq qiladi. Anjer, ertapishar
yog'li, yirik mevali Samarqand, olmasimon Xorazm navlari eng yaxshi
hisoblanadi.
Shifobaxsh
xususiyatlari
Behi
sharbati pishib yetilgan mevalardan tayyorlanadi. U organizmni umumiy
mustahkamlovchi, antiseptik, qon ketishini to'xtatuvchi, peshob haydovchi
xususiyatlarga ega. Behining foydali xossalari kamqonlikda, yurak-qon-tomir
xastaliklarida, nafas olish yo'llari, oshqozon-ichak trakti kasalliklarida,
astmada namoyon bo'ladi. Suvda qaynatib pishirilgan yoki toblab pishirilgan
behining sharbati va go'shti qusishga qarshi yaxshi vosita hisoblanadi. Behi
sharbati 0,5-1 stakandan ovqat oldidan qabul qilinadi.
O'zining
shifobaxsh xususiyatlari tufayli behining barcha navlari inson ruhiyatiga
ijobiy ta'sir ko'rsatadi, ya'ni kishini tetiklashtiradi va kayfiyatini
yaxshilaydi. Hatto uning xushbo'y hidi ham xuddi shunday xususiyatga ega. Behi
mevasining go'shti organizmni mustahkamlovchi ta'sirga ega, shu bois undan ich
ketishi va qon ketishi bilan birga kechadigan oshqozon-ichak trakti
kasalliklarida foydalanish maqsadga muvofiq. Shuningdek, behidan quloq
og'riqlarida ham foydalaniladi.
To'g'ri ichak tushganida va orqa teshikda
yoriqlar paydo bo'lganida behi suvi shimdirilgan malhamlar qo'yiladi. Behi
urug'larining shilimshiq moddali qaynatmasi (5-10 g urug' 100 ml suvda
shilimshiq holatga kelgunicha qaynatiladi) bronxit, qon tupurish, bachadondan
qon ketganida kuniga uch-to'rt martadan bir osh qoshiqdan qabul qilinadi. Tashqi malham
sifatida esa ko'zlar shamollaganida, angina (og'izni chayish), kuyishlar va
teri qizarishlarida yallig'lanishga qarshi malham sifatida qo'llaniladi.
Behining
pishgan mevalari hamda urug'laridan kosmetikada ham foydalaniladi. Behidan uy
sharoitida yog'li yuz terisi uchun losonlar va niqoblar tayyorlash mumkin. Niqobga
o'simlik va mol yog'i, tuxum sarig'i, tolqon, kraxmal qo'shilganida undan quruq
va normal teri uchun ham foydalansa bo'ladi. Behi urug'laridan olinadigan
shilimshiq modda yallig'lanishga qarshi va yumshatuvchi vosita hisoblanadi. Shuningdek,
u kuygan joylarni davolashda hamda boshning yog'li seboreyasida ham juda yordam
beradi.
Quyida
behidan tayyorlash mumkin bo'lgan go'zallik vositalarining retseptlarini
keltiramiz:
Yog'li teriga qarshi va sepkillarni yo'qotish
uchun behi sharbati
Pishgan
behi mayda qirg'ichdan o'tkaziladi, suvi dokada siqib olinadi. Momiqli tampon
ushbu behi suviga botirilib, yog'li teri artiladi. Shuningdek, behi suvi
sepkillarni ham ketkazadi.
Yog'li teri uchun behi, tuxum va spirtdan
tayyorlangan losyon
Bir dona
tuxumning oqi ko'pirtiriladi va unga tomchilatib yarim stakandan odekolon,
kamfora spirti va behi suvi qo'shiladi. Ushbu loson yordamida har kuni momiqli
tampon bilan yog'li yuz terisi artiladi. Protseduradan so'ng yuz terisi mayin,
silliq va yumshoq bo'lib qoladi.
Yog'li teri uchun behidan tayyorlangan losyon
Behi mayda
qilib to'g'raladi va unga bir stakan aroq yoki 20%-li spirt quyiladi. 7-10
kunga olib qo'yiladi, keyin dokada suzib olinadi. Hosil bo'lgan loson bilan
yuzni artish yoki yupqa momiqli qavat yasab, uni niqob sifatida 15-20 daqiqaga
yuzga qo'yish (ko'zlar, burun teshiklari va og'izdan tashqari) mumkin. Momiq
qurib qolsa, ushbu protsedurani yana takrorlash mumkin. Protsedura
yakunlanganidan keyin yuz iliq suvda chayib tashlanadi. Yog'li, g'alvirak yuz
terisida tavsiya etiladi.
Behi, tolqon va kraxmaldan tayyorlangan niqob
Niqob uchun
behi mayda qirg'ichdan o'tkaziladi, unga bir osh qoshiq qaynoq suv hamda bir choy qoshiqdan
tolqon va kraxmal qo'shiladi. Hosil bo'lgan aralashma 15-20 daqiqaga yuzga
qo'yiladi, keyin xona haroratidagi suvda chayib tashalanadi. Har qanday yuz
terisi uchun tavsiya etiladi.
So'lg'in yuz terisi uchun va husnbuzarlar
toshmasiga qarshi niqob
Yaxshi pishib yetilgan behi mayda qirg'ichdan o'tkaziladi,
hosil bo'lgan massa so'lg'in yuz terisiga qo'yiladi. Bunday niqob yuzdagi
husnbuzarlar toshmasiga qarshi kurashishda ham yaxshi yordam beradi.
|